Новости UTY CARGO

XAVFSIZLIK – SAMARADORLIK

2024-07-22 16:34
“Temiryo‘lkargo” aksiyadorlik jamiyati va “UNIVERSOFT IT” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbariyati vakillari o‘rtasida axborot xavfsizligini himoya qilish, kiberxavfsizlikka qat’iy amal qilish kabi masalalar yuzasidan uchrashuv o‘tkazildi.
Ushbu tadbir davomida hamkorlikda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va kiberxavfsizlik sohasida tajriba almashish hamda innovatsion startap loyihalarini amalga oshirishga kelishib olindi. Shuningdek, tarmoqqa yangi texnik vositalar va dasturiy ta’minotlarni joriy etish, mutaxassislarni tayyorlash hamda ularning malakasini muntazam oshirib borish borasida qilinadigan ishlar muhokama qilindi.
“Temiryo‘lkargo” aksiyadorlik jamiyati bosh direktori A. Muminov davlatimiz rahbarining 2023-yil 10-oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti sohasini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida jamiyatda zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llash muhimligi haqida fikrlarini bildirdi.
– Zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish, sifatli va tezkor axborot xizmatlarini ko‘rsatish kibertahdid uchun kurashishning bir qismi, xolos, – dedi o‘z so‘zida. – Bizning jamiyatimizda kibertahdidlarning oldini olish va unga qarshi samarali kurashish uchun barcha choralar ko‘rilgan, biroq bu jarayon davomiy bo‘lishi va hamisha yangilanib borishi zarur.
“UNIVERSOFT IT” mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh direktori Timur Xodjayev hamda tijorat ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Damirjon Jabborzoda o‘z mahsulotlarining afzalligi haqida gapirib, ular tomonidan yaratilgan milliy antivirus, himoyalangan korporativ messenjer va kriptohimoya vositalari haqidagi taqdimot lavhalari bilan tanishtirdilar. Shundan so‘ng ishtirokchilar o‘zaro suhbat davomida bir-birlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
Uchrashuv yakunida ikkala taraf uchun manfaatli bo‘lishi kutilayotgan hamkorlik kelishuvi imzolandi.

“Temiryo‘lkargo” matbuot xizmati.