Новости UTY CARGO

Qurilish mollari eksportini rivojlantirish yo‘lida muhim uchrashuv: “Temiryo‘lkargo” AJ vakillari Toshkent metallurgiya zavodida

2025-04-17 11:46
2025-yilning aprel oyida “Temiryo‘lkargo” AJ rahbariyati va mas’ul xodimlari Toshkent metallurgiya zavodida qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi yirik korxonalar vakillari bilan sayyor uchrashuv o‘tkazdi. Tadbirning asosiy maqsadi – eksport salohiyatini oshirish, yuk tashuvlarini samarali tashkil qilish va temiryo‘l transporti orqali tashilayotgan yuklar hajmini ko‘paytirishdan iborat bo‘ldi.
Ochiq muloqot va muhim masalalar muhokamasi
Uchrashuv davomida tomonlar o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, logistika jarayonlarini soddalashtirish, yuk tashishda qulay sharoitlar yaratish hamda yangi yo‘nalishlar orqali yuklarni tashish imkoniyatlarini kengaytirish borasidagi taklif va tashabbuslarni muhokama qildilar.
Shuningdek, qurilish mollarining eksporti bo‘yicha mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanish, ushbu sohadagi transport-logistika infratuzilmasini yanada takomillashtirish masalalari ham ko‘tarildi. Ishtirokchilar eksport-import jarayonlarida yuzaga kelayotgan muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llarini ochiq muloqot shaklida muhokama qilishdi.
Kelajakdagi rejalarga ishonch bilan
Uchrashuv yakunida “Temiryo‘lkargo” AJ va qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilari o‘zaro manfaatli hamkorlikni davom ettirish, temiryo‘l orqali yuk tashuvlarini yanada kengaytirish va mavjud yo‘nalishlarga qo‘shimcha sifatida yangi logistika yo'nalishlarini joriy etish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
“Temiryo‘lkargo” AJ eksportyorlarga qulay sharoitlar yaratish, xizmatlar sifatini oshirish va mamlakat iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish yo‘lida faol ishtirok etishda davom etadi.