Новости UTY CARGO

“Temiryo‘lkargo” AJ xodimlari “Yashil makon” loyihasi doirasida Samarqandda ko‘chat ekishdi

“Temiryo‘lkargo” aksiyadorlik jamiyatining bir guruh tashabbuskor xodimlari “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Samarqand yuk terminali hududida mevali va manzarali 80 tup ko‘chat ekishdi.
Tadbir erta tongda boshlandi — xodimlar Toshkent shimoliy vokzalidan poyezdga o‘tirib, qadimiy va navqiron Samarqand sari yo‘l olishdi. Yo‘l davomida yuzaga kelgan samimiy muloqot va do‘stona kayfiyat sababli 5 soatlik safar ko‘z ochib yumguncha o‘tib ketdi.
Samarqandga yetib kelgach, jamoa vaqtni zoye qilmay, g‘ayrat va ko‘tarinki ruh bilan ko‘chat ekish ishlariga kirishdi. Mehnatsevarlik va jipslik tufayli 80 tup mevali va manzarali nihollar qisqa vaqt ichida ekib chiqildi. Ushbu ekilgan daraxtlar kelajakda nafaqat terminal hududiga go‘zallik baxsh etadi, balki atrof-muhitning ekologik muvozanatini saqlashga xizmat qiladi.
Ko‘chat ekish ishlaridan so‘ng xodimlar birgalikda tushlik qilib, Samarqandning faxri sanalmish — Registon maydoniga yo‘l olishdi.

Registon — tarix va ulug‘vorlik timsoli

Registon — bu shunchaki tarixiy maydon emas, bu Sharq sivilizatsiyasining yuragi, asrlar guvohi bo‘lgan ilm va san’at markazi. Amir Temur avlodlari davrida qurilgan Ulug‘bek, Sherdor va Tillakori madrasalari qad rostlagan bu maskan bugun ham butun dunyodan tashrif buyuruvchi sayyohlarni hayratga solib kelmoqda.
Jamoa qadimiy me’moriy obidalarni tomosha qilar ekan, ajdodlarimizning ulkan ilm-fan, me’morchilik va san’atdagi yutuqlari bilan faxrlanish, o‘z tariximizga bo‘lgan mehr va hurmat hissini yana bir bor chuqur his qildi.
Made on
Tilda