2025-yil 29-aprel kuni “Temiryo‘lkargo” aksiyadorlik jamiyati va Estoniyaning yetakchi transport-logistika kompaniyalari vakillari o‘rtasida rasmiy muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad — ikki tomonlama hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganish va strategik sheriklik aloqalarini yo‘lga qo‘yishdan iborat bo‘ldi.



“Temiryo‘lkargo” AJ tomonidan muzokaralarda multimodal va xalqaro tashishlar bo‘yicha bosh direktor o‘rinbosari O. Jabarov, vagon xo‘jaligini saqlash va rivojlantirish bo‘yicha bosh direktor o‘rinbosari N. Muxamadinov, bosh direktor maslahatchisi A. Razzakov, multimodal tashishlarni tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i Sh. Mirsalixov, yuk tashish boshqarmasi boshlig‘i T. Kalanov, xalqaro aloqalar bo‘limining 1-toifali mutaxassisi V. Xasanovalar ishtirok etishdi.

Estoniya delegatsiyasi tarkibida esa Estoniya temir yo‘llari AJning xalqaro aloqalar va savdo xizmati boshlig‘ i Erkki Veysman, Operail Kuzatuv kengashi a’zosi Richard Tomingas, Operail kompaniyasining harakat tarkibi bo‘yicha bosh mutaxassisi Pavel Jitnikovlarmehmon sifatida tashrif buyurishdi.
Uchrashuv davomida tomonlar tomonlar o‘zaro fikr almashdilar va hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.
Jumladan ular import operatsiyalari, eksport imkoniyatlari, transport yo‘nalishlari, operatorlik shartnomasi, texnik hamkorlik bo‘yicha o‘zaro fikr almashishdi. Bundan tashqari, butlovchi qismlar, o‘lchami katta bo‘lgan yuklar, shuningdek, tez buziladigan mahsulotlarni tashish, lokomotivlar va vagonlar bilan bog‘liq texnik hamkorlik, tajriba almashish va ehtiyot qismlar bo‘yicha o‘zaro yordam mexanizmlarini joriy etish masalalari ham qizg‘in muhokama qilindi.


Mazkur uchrashuv ikki davlat o‘rtasida temir yo‘l transporti sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi, savdo va logistika aloqalarini yanada kengaytirishi kutilmoqda.
“Temiryo‘lkargo” AJ xorijiy hamkorlar bilan o‘zaro ishonch asosida hamkorlik qilish, xalqaro yuk tashish yo‘nalishlarini kengaytirish va mamlakatimiz tranzit salohiyatini oshirish yo‘lida izchil harakat qilmoqda.



"Temiryo'lkargo" AJ Matbuot xizmati