O‘zbekiston temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish va lokomotiv parkini modernizatsiya qilish doirasida muhim jarayon amalga oshirildi. Rekonstruksiya qilinishi rejalashtirilgan ikki yirik lokomotiv maxsus avtotransport vositalarida Toshkentdan Xitoyning Horgos shahriga yetkazildi. Ushbu jarayonda “Temiryo‘lkargo” AJ tomonidan logistika bo‘yicha yuqori darajadagi hamkorlik amalga oshirildi.

Mazkur yuk tashish operatsiyasi o‘zining murakkabligi va texnik jihatdan puxtalik bilan rejalashtirilgani bilan ajralib turadi. Chunki 2 ta 23 metrlik lokomotiv va ularning 4 qismdan iborat telejkalari 4 ta maxsus avtotransport vositasida yetkazildi. Yuk tashish jarayoni 10 kun davom etdi va belgilangan manzilga muvaffaqiyatli yetib bordi.

Xitoyning Horgos shahri – Osiyo mintaqasidagi muhim logistika markazlaridan biri bo‘lib, O‘zbekiston temir yo‘llarining ushbu hudud bilan hamkorligi transport sohasida yangi imkoniyatlarni ochadi. Bu esa, o‘z navbatida, mintaqaviy savdo va yuk tashish jarayonlarining yanada rivojlanishiga xizmat qiladi.

“Temiryo‘lkargo” AJda multimodal tashuvlar sifatini yanada yaxshilash borasida yangi texnologiyalar joriy etilib, xalqaro hamkorlik aloqalari kengayib bormoqda.