Totalizator, 1 xbet, mostbet va shunga o‘xshash ko‘plab reklamalarga kun davomida bir necha marta duch kelasiz. Ular sizni birgina o‘yin o‘ynab millionlab pul yutib olishingiz mumkinligiga ishontirmoqchi bo‘lishadi, qandaydir bir inson chiqib, men o‘ynadim, o‘yin halol ekan, mana buncha pul ishlab oldim deb qo‘lidagi katta miqdordagi pullarni ko‘rsatadi.
Internetdan endi foydalanishni boshlagan, oq-qorani ajrata olmaydigan sodda insonlar bu reklamaga ishonishadi. Natijada esa... yaxshisi, natija haqida gapirmaylik, chunki qimorga, tavakkalchilikka, totalizatorga asoslangan o‘yinlarga aldanib, nafaqat molu mulkidan judo bo‘layotgan, balki o‘z joniga qasd qilayotganlar ham bor, afsuski.
Shunday illatlarning, ko‘ngilsiz voqealarning oldini olish maqsadida bugun jamoamizda davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Unda “Temiryo‘lkaro” AJ bosh direktor o‘rinbosari Nazar Muxamadinov, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi Raqamli texnologiyalar va axborot xavfsizligi kafedrasi boshlig‘i, podpolkovnik Abdurasul Iminov hamda shu kafedra o‘qituvchisi, leytenant Bobur Rahmonberdiyevlar ma’ruza qilishdi.
Davra suhbatiga yig’ilgan jamiyat xodimlari totalizator hamda pul tikib o‘ynaladigan, qimor va tavakkalchilikka asoslangan xavfli o‘yinlardan ogohlantirilib, salbiy oqibatlari haqida tushunchalarga ega bo‘lishdi.
Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi Raqamli texnologiyalar va axborot xavfsizligi kafedrasi boshlig‘i, podpolkovnik Abdurasul Iminov so‘zga chiqib, “Tavakkalchilikka asoslangan qimor o‘yinlarining salbiy oqibatlari” haqida umumiy tushunchalar berdi.
Qimor va shunga o‘xshash tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar, mehnat qilmay turib oson pul topishni targ‘ib qilish O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga asosan ma’muriy va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi haqida batafsil ma’lumot berdi. Qolaversa, bu turdagi o‘yinlarga berilib ketishning salbiy oqibatlarini birma-bir sanab berdi.
Oqibati o‘z joniga qasd qilishgacha borgan bunday salbiy illatlardan uzoq yurish, o‘smir yoshdagi farzandlarining bo‘sh vaqtini samarali o‘tkazishga, ular foydalanayotgan gadjetlarni ssergaklik bilan kuzatish, tekshirib borish kerak ekanini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi Raqamli texnologiyalar va axborot xavfsizligi kafedrasi o‘qituvchisi, leytenant B. Rahmonberdiyev oldindan tayyorlab kelgan ko‘rgazmali taqdimotini yig‘ilganlarga sharhlab berdi.
Fishing, kuk fayllar, foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini firibgarlar qanday qilib qo‘lga kiritishlari, qanday maqsadlarda foydalanishlari haqida batafsil ma’lumot berdi.
Ma’ruzachilar o‘z so‘zlari davomida qimorga mukkasidan ketib, hattoki uyini ham sotuvga qo‘yganlar, o‘z joniga qasd qilganlar haqida ham misollar keltirishdi. Bunday insonlarni tanib olish borasida maslahatlar berishdi.
Davra suhbati so‘nggida esa Ichki ishlar vazirligi tomonidan tayyorlangan “1xbet – unga aslo yaqinlashmang” nomli videolavha namoyish etildi.