Новости UTY CARGO

MAQSAD – XALQARO HAMKORLIKNI KENGAYTIRISH

Har bir soha rivojida xalqaro aloqalar va o‘zaro hamkorlik muhim o‘rin egallaydi. Shu bois “Temiryo‘lkargo” aksiyadorlik jamiyati xodimlari hamisha bu jarayonga alohida diqqat-e’tibor bilan qaraydilar. 8-10 oktyabr kunlari “Temiryo‘lkargo” AJ Bosh direktori Abdusamat Muminov hamda ekspeditorlik bo‘limi yetakchi mutaxassisi Abror Arashev Qozog‘iston Respublikasi Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan navbatdagi ko‘rgazmada ishtirok etib kelishdi.
Ushbu ko‘rgazmada 19 ta mamlakatning 213 ta kompaniyalari o‘z stendlari bilan ishtirok etdilar. Xususan, dunyoning yirik transport-logistika kompaniyalari qatorida bo‘lgan “Rhenus Logistics”, “PTC Holding” va “MSC” kabi yetakchi kompaniyalari ham o‘z taqdimotlarini namoyish etishdi. Bundan tashqari, 100 nafardan oshiq spiker 22 xil mavzuli sessiyalarda logistika rivoji hamda taraqqiyoti borasida ma’ruzalar qildilar.
“Temiryo‘lkargo” AJ rahbari bir necha o‘nlab xalqaro transport-logistika kompaniyalari vakillari bilan B2B uchrashdi. Unda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va transport-logistika sohasidagi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi.
Jumladan Xitoyning 10 ga yaqin, Qozog‘istonning 3 ta, Gollandiyaning “CF&S Netherland”, Latviyaning “LDZ Cargo” kabi kompaniyalari bilan konteyner blok poyezdlari harakatini amalga oshirish bo‘yicha suhbatlar olib borildi. Uchrashuvlar davomida kompaniyaning asosiy faoliyati, O‘zbekistondagi mavjud logistika markazlari, ichki ekspress poyezdlar va yangi tashish koridorlari bilan tanishtirildi.
Ko‘rgazmada shuningdek, Yevropa – Osiyo yo‘nalishida avtomobil transportida yuk tashuvchi kompaniyalar bilan multimodal tashuvlarni amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi.
Ko‘rgazma davomida ishtirokchi kompaniyalarga “Temiryo‘lkargo” AJning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori asosida tashkil etilganligi, jamiyat O‘zbekistonda temir yo‘l transportida vagonlarning yagona operatorligi haqida batafsil maʼlumot berildi. Shuningdek, hukumat tomonidan yuk tashish jarayonlarini rag‘batlantirish va logistika salohiyatini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ham batafsil aytib o‘tildi.
Shuningdek, sessiyalarda bugungi kunda logistika va temir yo‘l transportida bugungi kunda rivojlanayotgan trendlar, xususan, tashish jarayonlarini raqamlashtirish bilan bog‘liq yangi innovatsiyalar va startap loyihalar bilan tanishtirdilar. Temir yo‘l transportida tashishlar jarayonida harakat tarkibining onlayn rejimda kuzatib borish eng talabgor xizmatlardan biri bo‘layotgani ko‘pgina mutaxassislar tomonidan taʼkidlab o‘tildi.
Made on
Tilda